banner3
baner 2
banner1

OTA-ONANGIZ BIR KUNDA SIZGA QANCHA VAQT AJRATADI? 14-son 2018-yil

OTA-ONANGIZ BIR KUNDA SIZGA

QANCHA VAQT AJRATADI?

Kechagidek esimda, bolaligimda onam bilan uzoq suhbat qurardik. Garchi dugonalarim ko‘p bo‘lsa-da, eng yaqin sirdoshim, maslahatgo‘yim onam edi. Otam esa hamisha mening orzularim, rejalarim haqida qiziqardi. 9-sinfda o‘qiyotganimda birinchi hikoyam «Tong yulduzi» gazetasida chop etilgan. O‘shanda otam gazetani sinchiklab o‘qib chiqqach, meni duo qilgandi. Shu fursatda ota-onamga ularning e’tibori-yu mehridan cheksiz minnatdor ekanligimni aytmoqchiman.

Ana shunday yorug‘ yuz bilan bugun siz aziz o‘quvchilarga ham «Ota-onangizning e’tibori, mehridan qanchalik mamnunsiz?» degan savolni bermoqchiman. Zero, ularni juda yaxshi ko‘rishingizni, ota-onangizga berajak savollaringiz ko‘p ekanligini yaxshi bila­man. Aslida, siz ham ular hayotining mazmunisiz. Shunday emasmi?

 Davronbek Siddiqov, Toshkent viloyati, Qibray tumanidagi 16-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi:

– Maktabni bitirish arafasidaman. Oldimda kasb tanlashdek mas’uliyatli vazifa turibdi. Bu haqda ota-onam bilan ko‘p suhbatlashamiz. Ular mening qiziqishla­rimni jon qulog‘i bilan tinglaydi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga harakat qiladi. Boshlang‘ich sinfda o‘qib yurgan paytimdanoq otam dars tayyorlashimga katta e’tibor qaratgan. Onam esa maktabimizda bo‘ladigan har bir tadbir va bayramlardagi ishtirokimni nazorat qilardi, ularda o‘zi ham ishtirok etardi. Qolaversa, akam ham har bir masalada menga yordam berishga tayyor. Men esa 2-sinfda o‘qiyotgan singlimning dars tayyorlashiga yordam beraman. Kechki ovqatda bo‘ladigan oilaviy suhbatimizni esa juda yaxshi ko‘raman.

 Abdurahmon Bekmirzayev, Farg‘ona viloyati, Quva tumanidagi 4-umumta’lim maktabining 3-sinf o‘quvchisi:

– Biz buva va buvimlar bilan birga yashaymiz. Shu­ning uchun men savollarimga goh buvam, goh onamdan, ba’zan esa aka-opamdan javob olaman. Oilada kenja farzand bo‘lganim bois, menga e’tibor beradigan yaqinlarim ko‘p. Ammo, baribir ayam bilan dars tayyorlashni yaxshi ko‘raman.

Dadam ham meni juda yaxshi ko‘radi. Ularni doim yonimizda bo‘lishlarini istayman. Yon qo‘shnimiz Akmalning dadasi xorijga ishlashga ketganida, u rosa xafa bo‘lgandi. Do‘stimning qiynalayotganini ko‘rib, dadamni quchgancha «Hech qachon, hech qayerga ketmaysiz-a, men sizni juda yaxshi ko‘raman», dedim. Ular ham meni bag‘riga bosganida, mehr-u e’tiboridan yayrab ketdim.

 

 Aziz o‘quvchim! Bu mavzu yuzasidan sizda qanday fikr-muloha­zalar bor? Ota-onangizga dilingizdagi qaysi gaplaringizni yetkazishni istardingiz. Bu haqda bizga, albatta, yozib yuboring.

 

 Sayyora QODIROVA

03.04.2018