banner3
baner 2
banner1

OLQISH OLGAN KITOBXON 18-son 2018-yil

OLQISH OLGAN

KITOBXON

Mamlakatimizda kitobxonlik va kitobga bo‘lgan e’tibor kun sayin yuksalib, yanada rivojlanib borayotganidan xalqimiz benihoya xursand bo‘layotir. Bugun ota-onalarning kitob do‘konlaridan, avvalo, o‘zlariga va farzandiga kitob xarid qilayotganlarini ko‘rib, qalblarimiz hayratga tushib, ko‘zlarimiz quvnayotir.

Kitobxonlar safida yoshlar va bolalarning ko‘payib borayotgani, ularning kitobxonlik bo‘yicha o‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlovlarda haqiqiy g‘olib bo‘layotganliklaridan biz – ota-onalar, bobo-buvilar va kattalar benihoya xursandmiz.

Ana shunday iqtidorli kitob­xon yoshlardan biri Navoiy viloyati, Karmana tumanidagi 4-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Ibrohimjon G‘afforov bo‘ladi. U ota-onasi yordamida harflarni tanib olgach, besh yoshidan hijjalab kitob o‘qiy boshlaydi. Shu-shu uning kitobga mehri tushadi. Olti yoshidan she’r mashq qila boshladi. 3-sinf­dan taniqli shoir Odil Hotamov rahbarligida «Karmana ovozi» gazetasi qoshida tashkil qilgan «Chashma» yosh ijodkorlar adabiy to‘garagining a’zosiga aylandi. Undagi kitobga, ijodga bo‘lgan haqiqiy mehrni boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Nilufar Ostonova, adabiyot fani o‘qituvchisi Orzigul Nurmatovalar yanada yuksaltirib, adabiyot sirlaridan saboq berib kelmoqda.

Ibrohimjonning sinfida 31 nafar o‘quvchi o‘qiydi. Sinfdoshlaridan Zarnigor Quvondiqova, Sevinch Tojiyeva, Sardor Fayzullayevlar maktabning eng faol kitob­xonlardan. Ular o‘qigan yangi kitoblari haqida bir-biriga so‘zlab beradi, bahs-munozara qiladi, maktabdoshlarini kitoblar olamiga qiziqtiradi. Shuningdek, u sportning qo‘l jangi turi bilan ham muntazam shug‘ullanadi. Ushbu sport turi bo‘yicha 2015-yilda O‘zbekiston chempioni bo‘ldi. «Yangi avlod», «Kelajak yulduzlari» respublika festivallarida ham g‘olib bo‘lib, 1-o‘rinni egalladi.

Ibrohimjon intiluvchan va tirishqoq, bilim olishga nihoyatda tashna. Shu bois, qo‘lidan kitob tushmaydi. U barcha muvaffaqiyatlarning kaliti kitobda, deb biladi. ­Uning buyuk mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbati o‘zi yozgan ushbu misralarda ham aks etgan:

 

Moziy tomon

        boqsam men

Lol qolaman

        ajdodlarimga.

Men ijoddan zavq olib

        har gal

She’r bitgumdir

        bobolarimga.

 

Yetti sayyor yo‘lni

        yoritar,

«Xamsa» ganji

        qalbni boyitar.

Bu kitobni sevib

        o‘qigan

Albatta, ezgu

            murodga yetar.

Ibrohimjon G‘afforov shu yil Navoiy viloyatida bo‘lib o‘tgan buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiyga bag‘ishlangan an’anaviy ­xalqaro ilmiy-amaliy anjuman doirasida «Navoiylik yosh navoiyxonlar» ko‘rik-tanlovida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Prezident sovg‘asi – «Spark» avtomobili bilan taqdirlandi. U dunyoning yigirmadan ortiq mamlakatlaridan kelgan xorijiy olimlar davrasida Alisher Navoiy g‘azallaridan o‘zbek, rus va ingliz tillarida o‘qib berib, ko‘pchilikni hayratga soldi.

Shuningdek, Ibrohimjon G‘afforov 2-mart kuni Xatirchi tumanida bo‘lib o‘tgan Navoiy viloyati faollar yig‘ilishida so‘zga chiqib, Muh­taram Prezidentimizning olqishiga sazovor bo‘lganligi uning hayotida o‘chmas voqea bo‘lib qoldi...

  • Menga bildirilgan yuksak ishonchni, albatta, oqlayman,– deb va’da berdi u.

Ashurali JO‘RAYEV

30.04.2018