banner3
baner 2
banner1

QOZOG‘ISTONLIK KITOBXONLAR BILAN onlayn muloqot 18-son 2018-yil

QOZOG‘ISTONLIK

KITOBXONLAR BILAN

onlayn muloqot

Tarixan birligimiz, ma’nan yaqinligimizni yanada mustahkamlash, bugungi zamonning murakkab masalalarini hamkorlikda hal qilish, yangi avlodlar kelajagini birgalikda barpo etish maqsadida 2018-yil Qozog‘iston Respublikasida «O‘zbekiston yili» deb e’lon qilingan edi. Qisqa fursat ichida ikki davlat o‘rtasida o‘zaro hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilib, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, turli festival va uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.

Aziz o‘quvchilar! Siz ham qardosh mamlakatdagi kitob­xon tengdoshlaringizning hayoti, qiziqishlari, qaysi kitoblarni o‘qiyotganlari haqida bilishni istasangiz kerak. Shu maqsadda O‘zbekis­ton Xalq ta’limi vazirligi, Respublika bolalar kutubxonasi va Qozog‘iston Respublikasi, Oqto‘ba  viloyati kutub­xonasi bilan hamkorlikda yosh kitobxonlar bilan ajoyib konferensiya bo‘lib o‘tdi. Respublika bolalar kutub­xonasida ilk bor onlayn tarzida tashkil etilgan muloqot «Bilimni kitob orqali olamiz» mavzusida bo‘ldi. Tadbirda o‘zbek va qozoq bolalar shoir hamda yozuvchilari haqida ma’lumot almashildi.Poytaxtimizning 61-umumta’lim maktabidan kelgan o‘quvchilar qozog‘istonlik tengdoshlariga Xudoyberdi To‘xtaboyev, Erkin Malik, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf kabi sevimli yozuvchi va shoirlarning hayoti, ijodi haqida ma’lumot berishdi. 9-«D» sinf o‘quvchisi Iroda Muhiddinova adiblarimizning she’rlaridan ifodali o‘qib berdi. Tengdoshingizning tadbirdan olgan taassurotlari esa bir olam:

– Bu yil Qozog‘iston Respublikasida «O‘zbekiston yili» deb e’lon qilingani haqida oynayi jahon orqali bilgan edim. Bugun esa qardosh tengdoshlarimizdan bu xalqning boy adabiyoti, bolalar yozuvchilari va kitob haqidagi fikrlari bilan tanishdik.

Qozoq yozuvchi va shoirlari haqida esa Sardor Ro‘zmetov quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Qardosh tengdoshlarimiz, eng avvalo, atoqli adib – Abayning ijodi haqida so‘zlab berishdi. ­Uning pand-nasihatga boy asarlari­da biz yoshlarga ko‘p ibrat bo‘ladigan jihatlar bor ekan.

Barchada katta taassurot qoldirgan tadbir yakunida onlayn muloqotning ke­yingi mavzusi «Bu me­ning shahrim» deb belgilandi. 

O‘tgan hafta yakunida mazkur konferensiya Qozog‘iston Respublikasidagi Sapargali Begali nomidagi markaziy shahar bolalar kutubxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda o‘quvchilar ikki davlat haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob olishdi.

Uchrashuv orqali yosh kitobxonlar yangi do‘stlar orttirib, o‘zaro hamkorlikni davom ettirishga kelishishdi.

Sayyora QODIROVA

30.04.2018