banner3
baner 2
banner1

HARAKATDA – BARAKAT 20-son 2018-yil

HARAKATDA – BARAKAT

 

Yalqovlik yomon odat,

O‘ta xavfli dard, kasal.

Kasalni tuzatmasang,

Bir kun qiladi o‘sal.

 

Bundaylarni odamlar,

Deyishadi: «Dangasa».

Doim qolar uyatga,

Qilgin bundan xulosa.

 

Bu kasallik sababin,

Aniqlab topish darkor.

Taklif etilsin tezda,

Zo‘r olim-u shifokor.

 

Ishga kirishsin darrov,

Manman degan ruhshunos.

Kompyuterda tekshirib,

Tashxis qo‘ysin ro‘yi-rost.

 

«Bu kasal yuqumli», deb,

Barcha ogoh etilsin.

Karantin taqiq qo‘yib,

Yo‘llari berkitilsin.

 

Bo‘lmasa-chi, bu illat,

Tarqab ketar har yonga.

Xuddi yovuz mahluqdek,

Chang solar shirin jonga.

 

Olim, tabib, ruhshunos,

To‘rt tomonga chopishdi.

Aniqlashib sababin,

Davosini topishdi.

 

Qancha xavfli bo‘lmasin,

Yalqovlikning balosi.

O‘zimizda ekan-ku,

Bu kasalning davosi.

 

Sport bilan do‘st bo‘lsang,

Chiniqtirib badanni.

Har qandayin illatdan,

Xalos etarkan tanni.

 

O‘qish, mehnat, izlanish,

Aqlni charxlar har vaqt.

Yurakda qaynab jo‘shar,

Shijoat-u kuch-g‘ayrat.

 

Xulosa bo‘ldi shunday:

«Eng zo‘r davo – harakat».

Axir bejiz aytilmas –

Harakatda – barakat!