banner3
baner 2
banner1

YURAKDAN JOY OLGAN IJODKOR 22-son 2018-yil

YURAKDAN JOY OLGAN IJODKOR

   Borliqning benazir sir-sinoatlarini o‘quv­chiga ko‘z-ko‘z qilib, bola tilida bola qalbiga yetkazish, o‘ynoqi so‘zlarni topish baxti har qanday ijodkorga ham nasib qilavermaydi. Bolalar­ning sevimli shoiri Turob Yusufning she’rlarini o‘qiganda, beixtiyor bolalik olamiga sho‘ng‘ib ketganday bo‘lasiz. Ko‘ngil bo‘stoniga sayr etgan sayin dilingiz yayraydi. Tabiat jonlanib tilga kiradi. Uyg‘oq bulutlarning shivirlashi sizni chuqur o‘yga toldiradi. Barcha jonzotlar bilan bemalol tillasha olasiz. So‘zla­rimiz quruq bo‘lmasligi uchun shoirning «Uyg‘oq bulutlar» she’ridan misol keltiramiz:

 

Yasab kema o‘xshovin,

Suzib yurar bulutlar.

Ayg‘ir otday tushovin,

Uzib yurar bulutlar.

 

Qo‘zg‘alar tog‘-qirliklar,

Shiddatdan to‘xtamaydi.

Uxlab yotar yerliklar,

Bulutlar uxlamaydi.

 

Yaqinda «O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyida shoirning «Sichqoncha sarguzashtlari» nomli she’riy to‘plami chop etildi. Bolalar adabiyotini boyitishga o‘zining ulkan hissasini qo‘shgan Turob Yusufning rangin satrlari o‘ziga xos sodda va ravon tilda yozilgan. O‘ylaymizki, to‘plamdan joy olgan she’rlar o‘quvchilarni hech qachon befarq qoldirmaydi.

 AXTAMQULI,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

 

Turob YUSUF

 

ToshoynAga

 

 

 

Toshoynasan, ko‘makka,

Eng kerak payt yaraysan.

O‘zingday toshoynaga,

O‘zing qachon qaraysan?

 

 

 

 

 

 

TIShLANGAN POMIDORNING DeGANI

Sherlar ham lol og‘riqdan,

Tortgan achchiq na’ramga.

Endi bo‘lsa, iltimos,

Tuz sepmanglar, yaramga.

 

SOATGA

Hisob yo‘g‘i – baxtsizlik,

Betinim «chiq-chiq»laysan.

Bizni mudom vaqtsizlik,

Dardidan qo‘riqlaysan.

 

XONTAXTAGA

El yig‘ilsa qoshingga,

Charchog‘ing ketar arib.

Yashayapsan boshingda,

Dasturxonni ko‘tarib.