banner3
baner 2
banner1

Uch opa-singilmiz 28-son 2018-yil

Uch opa-singilmiz

Assalomu alaykum, «Tong yulduzi» gazetasi ijodkorlari! Men Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida yashayman. Shu kungacha tuman, viloyat miqyosida o‘tkazilgan tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etyapman. Jumladan, «Eng yaxshi kitobxon» tanlovining viloyat bosqichi g‘olibasi bo‘ldim. «Eng yaxshi she’r muallifi» tanlovining viloyat bosqichida 3-, «Kamalak» yulduzlari» ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida 1-o‘rinni egalladim. Biz oilada 3 opa-singilmiz. Opam – Shohida Omonova «Yuksak ma’naviyatli avlod» tanlovining tuman bosqichi g‘olibasi bo‘ldi. Singlim Shoiraxon ham she’r yozadi. Lekin uning ajoyib bir qobiliyati ham bor. U biz yozgan she’rlarni bir zumda teskarisidan o‘qiy oladi. Uchalamiz ham qalbimizda jo‘sh urayotgan his-tuyg‘ularni she’r orqali ifodalashga intilamiz. Opam Shohida onaga bo‘lgan mehrni quyidagi satrlar orqali ifodalaydi:

Ona, yuragingiz olovmi, o‘tmi,

Bag‘ringiz mehrimni chorlaydi har on.

Sochlarim o‘rasiz qirq kokil qilib,

Siz aytgan allalar yangraydi hamon.

Siz yashaysiz sodda singlimning,

Bolalarcha tilaklarida.

Siz yashaysiz farzandlaringiz,

Urib turgan yuraklarida.

 

Quyosh

 

Erta tongdan jilmayib,

Quyosh nurini sochdi,

O‘rtoqlarim quvonib,

Derazalarni ochdi.

Zarrin nurlar tovlanib,

Hamma-hammaga yoqdi.

Gullar ifor taratib,

Quyosh tomonga boqdi.

Quyosh, quyosh, quyoshjon,

Seni sevadi barcha.

Kel, dugona bo‘laylik,

Senga mehrim bo‘lakcha.

 

Shoiraxon Omonova,

20-umumta’lim maktabining

4-«B» sinf o‘quvchisi

 

 

Ko‘ksimdagi yuragim Ona!

 

Ko‘zingizda porlagan quyosh,

Ona – dilning mehr o‘chog‘i.

Masrurlikdan so‘zlagan,

Yuragimning porloq mayog‘i.

Yuzingizda kulgan baxt aksi,

Kulguchimning tilaklaridir.

Mehringizdan bunyod devorlar,

Ayoz qishning chechaklaridir.

Ona, tikkan do‘ppilaringiz,

Yuragimga kiygizib olay.

Bahor qirdan lolalar termay,

Ko‘zingizda gul bo‘lib qolay.

Tovoningiz yoriqlaridan,

Oqib o‘tar jannatning suvi.

Yuzingizda o‘ynar kapalak,

Mehr degan jannatning guli.

Dunyodagi tirgagim Ona!

Ko‘ksimdagi yuragim Ona!

 

Shohsanam Omonova,

20-umumta’lim maktabining 8-«A» sinf o‘quvchisi