banner3
baner 2
banner1

YURTINGNI SEV 30-son 2018-yil

YURTINGNI SEV

Ko‘zlarida oftob kuladi,

Yuragiga ilhom to‘ladi.

Sof niyati yo‘ldosh bo‘ladi,

Yurtin sevib yashagan odam.

 

Bosgan izin o‘ynaydi shamol,

So‘zlaridan tomib turar bol.

Odimida hamrohdir iqbol,

Yurtin sevib yashagan odam.

 

Ona yerdan undiradi nur,

Yer-osmonga ulashadi dur.

Ko‘ksi tog‘dek jo‘shadi g‘urur,

Yurtin sevib yashagan odam.

 

Istiqlolga jondan parvona,

Avlodlarga mehri durdona.

Xiyonatga bo‘lar begona,

Yurtin sevib yashagan odam.

 

Saxovatning bo‘lar oshig‘i,

Yaxshilikdir aytgan qo‘shig‘i.

Yanchib o‘tar yovlar to‘sig‘in,

Yurtin sevib yashagan odam.

 

Porlar quyosh, osmon charog‘i,

O‘zbekiston hikmat bulog‘i.

Gullatadi chamanin, bog‘in,

Yurtin sevib yashagan odam.

 

Davra borki, unga intizor,

Zavol ko‘rmay yashar baxtiyor.

Buyuk ishga qo‘yar poydevor,

Yurtin sevib yashagan odam.

 

 

Hayot QONUNI

 

Otam tongda qilardi duo:

«O‘g‘lim sira ko‘rmasin kulfat.

Yaxshi kunin ko‘proq et, Xudo,

Yaxshilarga aylagin ulfat».

 

Onam tongda qilardi duo:

«Quloq tutgin Tangri nolamga,

Nasibasi mo‘l bo‘lsin, illo,

Uzoq umr bergin bolamga».

 

O‘zimga deb so‘ramay otam,

Bolalarim, deya yumdi ko‘z.

Uzoq yashay demadi onam,

Bolalarga atab shirin so‘z.

 

Men ham bugun har safar chog‘i,

Niyatimni tongga ulayman:

«Rizq-u ro‘zi but bo‘lsin toki,

Nevaramga umr tilayman».

 

Shunday ekan, hayot qonuni,

Biror inson buzmagan uni!

 

Temur UBAYDULLO